WEB SAYT MA'LUMOTLARI YANGILANAYOTGANlIGI SABABLI TEST REJIMIDA ISHLAMOQDA.

BUGUN - XALQARO VETERINARIYA KUNI




Assalomu alaykum, hurmatli universitet jamoasi, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar! Sizlarni “Xalqaro veterinariya kuni” bayrami bilan samimiy muborakbod etaman!
Barchangizga ma’lumki, jamiyatda veterinariya kasbining muhimligi va insoniyat taraqqiyotidagi ahamiyatini singdirish, veterinariya tashkilotlari va veterinariya vrachlarining nufuzini ko‘tarish maqsadida 2000-yilda Xalqaro veterinariya assosiatsiyasi va Xalqaro hayvonlar sog‘lig‘ini saqlash tashkilotining tashabbusi bilan har yili aprel oyining oxirgi shanba kunini “Xalqaro veterinariya kuni” deb belgilanishi haqida qaror qabul qilindi. Har yili ushbu kun ko‘plab davlatlarda bayram sifatida nishonlab kelinmoqda.

    Veterinariya sohasi hayvonlar sog‘lig‘ini saqlash bilan birga aholini inson va hayvonlar uchun umumiy bo‘lgan kasalliklardan muhofaza qilishda muhim ahamiyatga ega.

Butunjahon veterinarlari tomonidan hayvonlar sog‘lig‘ini saqlash borasida olib borilayotgan ishlarning pirovardida inson salomatligi diqqat e’tiborda bo‘lmoqda.

Oziq-ovqat mahsulotlarining aholiga yetkazib berilishida xo‘jalikdan dasturxongacha bo‘lgan davrda veterinar asosiy o‘rinni egallaydi. Va bu jarayonni soha fidoyilarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi.

Yurtimiz azaldan usta chorvadorlar makoni bo‘lgan. Qoramolchilikning barcha turlari, yilqichilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik borasida katta maktab yaratilgan. Bu sohalarda jamlangan bilim va ko‘nikmalar ming yillar davomida halqimizning turmushi farovonligi mezoni sifatida e’tirof etilgan.

Mamlakatimizda veterinariya infrastrukturasining rivojlanishi hududlarda epizootik va epidemik barqarorlikni, aholini xavfsiz va iste’molga yaroqli bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash va xalqaro savdo aloqalarining rivojlanishiga xizmat qilayotir.

Bugungi kunda veterinar kasbi dunyoda oziq–ovqat xavfsizligini ta’minlovchi soha sifatida tan olinadi. Shuningdek, rivojlangan mamlakatlarda bu kasb egalariga katta maosh to‘lanadi.

    Veterinar mutaxassislar esa yurtimizda Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida tayyorlanadi. Bugun universitetning 6 ta fakultetida 6000 nafarga yaqin talabalar tahsil olmoqda. Universitet dunyoning 80 dan ortiq yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik memorandumlarini imzolagan. Bu hamkorlik natijasida universitet talabalari va professor-o‘qituvchilari xorijga o‘qishga va malaka oshirishga yuboriladi. Universitetning Nukus va Toshkent filiallari va ta’lim dargohi qoshida texnikum hamda akademik litsey faoliyat ko‘rsatmoqda.

    Kelajakdagi rejalar, istiqbolda amalga oshirilishi nazarda tutilgan loyihalar ko‘p. Bu loyihalar xalqimizning turmush farovonligini oshirishga, oziq-ovqat havfsizligini ta’minlashga xizmat qilishi shubhasiz.

Fursatdan foydalanib, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti jamoasi nomidan mamlakatimizdagi soha vakillari, mutasaddilari va mutaxassislarini Xalqaro veterinariya kuni bilan tabriklayman!

Mas’uliyatli, sharafli kasbingizda omad yor bo‘lsin!

 

Xudaynazar YUNUSOV,

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti rektori, professor.