ISTIQBOLLI KADRLAR – ERTAMIZ KELAJAGI




Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining 32 nafar rahbarlik va liderlik qobilyatiga ega boʻlgan iqtidorli bitiruvchi yoshlari Samarqand viloyat hokimligi tashkiliy-kadrlar guruhi rahbari B. Rahmatullayev ishtirokida oʻtkazilgan davra suhbatida Samarqand viloyat hokimligining istiqbolli kadrlar zaxirasiga tanlab olindi.

  - Uchrashuvdan koʻzlangan asosiy maqsad oʻz yoʻnalishida kuchli bilim va salohiyatga ega boʻlgan bitiruvchilarni ish bilan taʼminlash, ularni davlat boshqaruvining turli sohalarida faoliyat olib borishga jalb qilishdan iborat, - dedi tadbirni kirish soʻzi bilan ochib bergan universitet rektori, professor Xudaynazar Yunusov.

    Uchrashuvda Samarqand viloyat hokimligi tashkiliy-kadrlar guruhi rahbari Bekzod Rahmatullayev yetuk salohiyatga ega boʻlgan sifatli kadrlarni yetishtirish davrning asosiy talabi ekanligini taʼkidlab, bugungi zamon talabiga javob beradigan, chuqur bilim va salohiyat egasi boʻlgan mutaxassislarni tayyorlash mamlakat iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshish, iqtisodiyot va xalq xoʻjaligi tarmoqlarini jahon standartlari asosida rivojlantirishda muhim ekanligini takidlab oʻtdi.

    Shuningdek, B.Rahmatullayev keyingi yillarda bilimli yoshlar orasidan viloyat hokimligining istiqbolli kadrlar zaxirasi shakllantirilib, 2020-yilda 331 nafar iqtidorli bitiruvchi istiqbolli kadrlar zaxirasiga olingan bo‘lsa, 2024-yilda 542 nafar bitiruvchi zaxiraga olingani, ayni paytda viloyatda 2356 nafar zaxiradagi istiqbolli yoshlar borligini ta’kidladi.

     Uchrashuvda Samarqand viloyat hokimligi tashkiliy kadrlar guruhi rahbari Bekzod Rahmatullayev har bir iqtidorli talaba bilan alohida suhbatlashdi. Ularning takliflari, kelgusidagi rejalari bilan qiziqib, tegishli koʻrsatma va takliflarini berdi.