Top Bar

ASSALOMU ALAYKUM, HURMATLI HAMKASBLAR, AZIZ TALABALAR! AVVALO, BARCHANGIZNI 9-MAY - XOTIRA VA QADRLASH KUNI BILAN SAMIMIY TABRIKLAYMAN.



   Inson qadrini ulug‘lash, millati, tili va dinidan qat’i nazar, barcha yurtdoshlarimizga mehr va e’tibor ko‘rsatish Konstitutsiyamiz va «O‘zbekiston — 2030» strategiyasida belgilangan bosh tamoyil sifatida bugungi kunda har bir soha va tarmoqda faoliyatimiz mezoniga aylanmoqda.
   Bu borada Ikkinchi jahon urushi yillarida fashizmga qarshi kurashlarda qurbon bo‘lgan ota-bobolarimiz, istiqlol davrida Vatanimiz mustaqilligi himoyasi yo‘lida jon fido etgan mard o‘g‘lonlarimiz xotirasini yod etish, bugungi kunda oramizda sog‘-salomat yashab kelayotgan urush va mehnat faxriylariga, jonkuyar vatandoshlarimizga hurmat-ehtirom ko‘rsatish yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ularning shonli umr yo‘li, mehnat faoliyati xalqimizning bebaho ma’naviy boyligiga aylanib, yosh avlodimizni vatanparvar insonlar etib kamol toptirishda jasorat va matonat maktabi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ayni shu omillarni e’tiborga olgan holda, mamlakatimizda 9-may — Xotira va qadrlash kunini umumxalq bayrami sifatida keng nishonlash, Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan buyuk g‘alabaga butun xalqimiz qatori ulkan hissa qo‘shgan muhtaram faxriylarimizni qadrlash, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining xotirasini e’zozlash, shuningdek, o‘sib kelayotgan yosh avlodni Vatanga mehr va sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-aprelda “9-may — Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, bayram tadbirlari «Burch, jasorat, matonat!» shiori ostida o‘tkazilishi belgilab berildi.

 

   Unda xotira obidalarini obod etish, nuroniylarni qadrlash, yoshlar qalbida tarixiy xotira va vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashga qaratilgan keng qamrovli vazifalar belgilab berilgani e’tiborlidir.
O‘zbeklar azal-azaldan tinchliksevar xalqmiz. Aynan shu g‘oya targ‘ibotiga bag‘ishlangan buyuk milliy va ma’naviy merosimiz bor. Ularning barida tinchlikning qadriga yetish targ‘ib etiladi, urush esa batamom qoralanadi.
9-mayni - Xotira va qadrlash kuni sifatida umumxalq bayrami deya e’tirof etilishi zamirida ham aynan ana shu ezgu maqsad va g‘oya o‘rin olgan.
O‘tganlarni xotirlash, safimizda yurganlarning esa qadriga yetish xukumatimiz siyosatining ustuvor vazifalaridan bo‘lib, har yili millat qahramonlari munosib tarzda rag‘batlantirilib kelinadi. 
Inson bu dunyoga baxtli yashash uchun keladi. Barcha ne’matlar Inson va uning manfaati uchundir. Bugungi tinch va farovon kunlarimiz uchun esa ular oldida qarzdormiz!
Barcha yurtdoshlarimizni 9 may – Xotira va qadrlash kuni bilan yana bir bor muborakbod etaman.
Yurtimiz tinch, osmonimiz hamisha musaffo bo‘lsin!

Xudaynazar Yunusov,
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi,
chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti rektori, professor.