Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida talaba-yoshlarning fikr va takliflarini tinglash, ularning ijtimoiy faolligini oshirish hamda yoshlar siyosati doirasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini yanada yuksaltirish maqsadida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi. Mazkur uchrashuvda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Samarqand viloyati Kengashi raisi Suhrob Rafiqov ishtirok etib, universitet talaba-yoshlari bilan ochiq va samimiy muloqot olib bordi.

Tadbir davomida mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, bandligini ta’minlash, kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Shuningdek, yoshlarning ilm-fan, innovatsiyalar va jamoat hayotidagi faolligini oshirish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida ma’lumot berildi.

Uchrashuvning muhim jihatlaridan biri talaba-yoshlarning o‘zlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javob olishlari, mavjud muammolar va takliflarini bevosita rahbariyatga yetkazish imkoniyatiga ega bo‘lganliklari bilan ahamiyatli bo‘ldi. Ochiq muloqot ruhida o‘tgan tadbir yoshlarning kelajakdagi maqsad va rejalarini ro‘yobga chiqarishda muhim motivatsion maydonga aylandi.

Suhrob Rafiqov o‘z so‘zida bugungi kunda yoshlar mamlakat taraqqiyotining asosiy harakatlantiruvchi kuchi ekanligini ta’kidlab, ularni bilim olish, zamonaviy kasb-hunarlarni egallash, ma’naviy yetuk va vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishga chaqirdi.

Tadbir yakunida yoshlar tomonidan ilgari surilgan taklif va tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanishi, ular bilan muntazam muloqotni davom ettirish bo‘yicha kelgusidagi vazifalar belgilab olindi hamda faol qatnashgan talaba-yoshlarga estalik badiiy kitoblar ulashildi.
Mazkur uchrashuv universitet talaba-yoshlarining ijtimoiy faolligini oshirish, ularning manfaatlarini himoya qilish hamda rahbar va yoshlar o‘rtasidagi samarali muloqotni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Universitetda yoshlarning intellektual salohiyati va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bunday tadbirlar kelgusida ham izchil davom ettiriladi.