Hurmatli Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari!
Avvalo Siz, azizlarni kasb bayramingiz – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
Sizlarga o‘zimning samimiy hurmatim, ezgu tilaklarimni bildirib, mashaqqatli va olijanob faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
Barchamizga yaxshi ayonki, matbuot, ommaviy axborot vositalari ishi hamma zamonlarda ham og‘ir va mas'uliyatli bo‘lgan. Mamlakatimiz yangi taraqqiyot bosqichiga ko‘tarilayotgan, ochiqlik va oshkoralik, so‘z va fikr erkinligi hayotimiz mezoniga aylanib borayotgan hozirgi davrda bu mas'uliyat yanada kuchaymoqda.
Bugungi kunda dunyo shiddat bilan o‘zgarmoqda. Barcha sohalar kabi axborot olish va uni yetkazish, ta'sirchan jamoatchilik fikrini shakllantirish borasida ham raqobat keskin tus olmoqda. Bunday murakkab sharoitda hayot yangi-yangi talab va vazifalarni oldimizga qo‘ymoqda.
Shularning barchasini hisobga olib, mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Sohaga oid qonun hujjatlarini takomillashtirish, milliy media makonda turli mulk shakli hamda siyosiy-ijtimoiy yo‘nalishdagi ommaviy axborot vositalarining erkin faoliyat ko‘rsatishi uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda.
Shunday sharafli, mas’uliyatli va fidokorona mehnatingiz, haqiqatni so‘zlashdagi jasoratingiz mamlakatimizda demokratik islohotlarni amalga oshirishda katta ahamiyatga ega.
Barchangizni qutlug‘ kasb bayramingiz bilan samimiy tabriklab, xayrli tashabbuslaringizda kuch-quvvat, mustahkam sog‘liq, oilangizga totuvlik, ezgu ishlaringizda muvaffaqiyat tilayman.
Yurtimiz ravnaqi yo‘lidagi faoliyatingizda ulkan zafarlar yor bo‘lsin!
Hurmat bilan,
Xudaynazar YUNUSOV,
SamDVMCHBU rektori, professor, Qozog'iston Respublikasi Qishloq xo'jaligi fanlar Akademiyasi akademigi.