Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida zamonaviy raqamli texnologiyalarni ta’lim jarayoniga joriy etish va hamkorlik istiqbollariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda universitet rektori, professor, akademik Yunusov Xudaynazar Beknazarovich, Nukus tumani hokimi o‘rinbosari Umirboy Hasanovlar ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida tadbirkor tomonidan inson anatomiyasini 3D formatda vizual o‘rganish imkonini beruvchi dastur taqdim etilib, uni ta’lim jarayoniga joriy etish taklifi bildirildi.
Muloqot davomida universitet tomonidan hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan quyidagi takliflar ilgari surildi:
Hayvonlar anatomiyasini 3D formatda o‘rganish dasturini hamkorlikda ishlab chiqish;
Virtual fermer xo‘jaligini yaratish;

Yetarlicha o‘rganilmagan kasalliklarni virtual muhitda tadqiq etish imkonini beruvchi dastur ishlab chiqish.
Mazkur tashabbuslar talabalarga hayvon organizmining tuzilishini ko‘rgazmali o‘rganish, amaliy ko‘nikmalarini virtual muhitda mustahkamlash hamda veterinariya ta’limida zamonaviy raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish imkonini yaratishga qaratilgan.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni davom ettirish va ilgari surilgan takliflarni amalga oshirish bo‘yicha kelishib oldilar.