Bugun SamDVMCHBU hovlisi erta tongdanoq quvonchli hayajon, ko‘tarinki ruh va samimiy tabassumlarga to‘ldi. Universitetimizda talabalik baxtiga musharraf bo‘lgan 1-bosqich yoshlari uchun “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!”ezgu shiori ostida yangi o‘quv yilining ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni universitet rektori, professor Xudaynazar Yunusov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Rektor o‘z nutqida barcha yoshlarni va professor-o‘qituvchilarni Mustaqilligimizning 35 yilligi hamda 2026-2027 yangi o‘quv yili bilan samimiy muborakbod etib, talabalikka erishgan yoshlarning kelgusi o‘qish va ilmiy faoliyatlarida ulkan zafarlar tiladi.

Shundan so‘ng, mehmonlar — Samarqand viloyati Tadbirkorlar kengashi raisi Haydar Uraqov va boshqa taklif etilgan vakillar so‘zga chiqib, oliy ta’lim muassasasi ostonasiga ilk qadam qo‘yayotgan yoshlarga o‘zlarining samimiy tilaklarini bildirishdi.

Tadbir davomida so‘z olgan 1-kurs talabalari va ularning ota-onalari ham o‘zgacha to‘lqinlanish bilan o‘z dil izhorlarini bildirishdi. Ular farzandlarining ushbu nufuzli dargohga o‘qishga kirganliklaridan cheksiz mamnun ekanliklarini ta’kidlab, yaratilgan shart-sharoitlar uchun minnatdorlik izhor etishdi.
Universitet badiiy jamoasi tomonidan tayyorlangan bayram dasturi tadbirga o‘zgacha fayz va ko‘tarinki ruh bag‘ishladi. Dilrabo kuylar va badiiy chiqishlar barchaga haqiqiy bayram shukuhini ulashdi.
Yangi davr, yangi marralar va talabalik davri barchangizga muborak bo‘lsin, aziz talabalar!