Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida har haftaning juma kuni o‘tkazilishi an’anaga aylangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar doirasida navbatdagi uchrashuv tashkil etildi.

“Jaholatga qarshi ma’rifat”, “MilliyIik tuyg‘usi Samarqandda” hamda “Tinchlik — eng oliy ne’mat” g‘oyalari ostida kechgan ushbu tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Baymurodov Sohibnazar Mardonovich ishtirok etdi.

Muloqot davomida Sohibnazar Baymurodov so‘nggi paytlarda yoshlarning bilib-bilmay turli diniy-ekstremistik tashkilotlar va taqiqlangan guruhlar ta’siriga tushib qolayotgani xususida atroflicha to‘xtaldi. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan turli diniy mazmundagi shubhali kontentlarga bilmasdan “layk” bosish, izoh qoldirish yoki ularni bo‘lishish (repost) oqibatida qonunbuzarlik va jinoyatga aralashib qolayotgan yoshlar taqdiri hayotiy misollar orqali tushuntirildi.

Soha mutaxassisi yoshlarga internet makonida, xususan, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda doimo ogoh, xushyor va ehtiyotkor bo‘lish bo‘yicha muhim tavsiyalarni berdi.

Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan muloqot davomida talaba-yoshlar ham o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, batafsil javoblar olishdi.
Zero, bunday ma’rifiy uchrashuvlar yosh avlodni g‘oyaviy tahdidlardan asrash va ularda mustahkam immunitetni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.