QURBON HAYITI MUBORAK BO‘LSIN!



Xalqimizga xos mehr-muruvvat, bag‘rikenglik va saxovat ifodasi bo‘lib kelgan Qurbon hayiti barchamizga muborak bo‘lsin!
Hurmatli universitet jamoasi – professor-o‘qituvchilar, ishchi-xodimlar va qadrli talaba-yoshlar!
Qurbon hayiti – ulug‘ bayram. Shuning uchun bu kunni yaqinlarimizni yo‘qlab, ularning holidan xabar olish, yoshi ulug‘larni ziyorat qilish, muhtojlarga mehr-muruvvat ko‘rsatish, oilalarga xursandchilik ulashish va bayramning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shadigan amallar bilan o‘tkazish azaliy qadriyatlarimiz, go‘zal an’analarimizdandir.

    Tarixdan ma’lumki, hatto hukmdorlar ham bu kunda yanada mehribonroq, shafqatliroq bo‘lar, yetim-yesirlar boshini silar, qariyalar, kasalmandlar, muhtojlar holidan xabar olar, ularning ko‘ngillariga ham bayram shukuhini olib kirishga intilgan ekanlar.

    Hayit kunlarini g‘animat bilib, barcha gina - kuduratlarni unutib, kechirimli bo‘lish musulmon kishiga xos bo‘lgan go‘zal fazilatlardandir.

    Ushbu muborak ayyomda davlatimiz rahbari rahnamoligida yurtimiz ravnaqi, diyorimizning osoyishtaligi, xalq farovonligi yo‘lida olib borilayotgan barcha xayrli ishlarda Yaratganning o‘zi madadkor bo‘lishini so‘rab qolamiz.

    Ezgu maqsadlarimiz, niyatlarimiz amalga oshsin! Qurbon hayitining fayzu barakoti qalblarimizni va xonadonlarimizni munavvar aylasin!

    Barchangizni muborak Qurbon hayiti bilan yana bir bor chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

    Duogo‘y keksalarimizning mana shunday fazilatli damlarda elu yurtimiz haqqiga qilgan ezgu niyat va tilaklari ijobat bo‘lsin!

Xonadonlarimizda fayzu baraka va osoyishtalik ziyoda bo‘lsin!

Yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi yanada mustahkam va barqaror bo‘lsin!

 

Hurmat bilan,

Xudaynazar Yunusov,

SamDVMCHBU rektori,

Biologiya fanlari doktori, professor,

“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan chorvador” unvoni sohibi.