EKOLOGIK BARQARORLIK SARI BIR QADAM



    Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish hamda iqlim oʻzgarishi vazirligining 25-xatiga binoan, joriy yilning 15-may kuni mamlakatimizda “Xalqaro iqlim kuni” keng nishonlanishi belgilandi. Bu sana — insoniyatni tabiat bilan uyg‘unlikda yashashga chorlaydigan, iqlim o‘zgarishining jiddiyligiga e’tiborni qaratadigan muhim kunlardan biridir.

    Ushbu muhim sana munosabati bilan Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Biotexnologiya fakultetining “Biologiya, ekologiya va dorivor oʻsimliklar” kafedrasi tashabbusi bilan ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi.

    Seminar davomida atrof-muhit muhofazasi bilan bog‘liq dolzarb masalalar, iqlim o‘zgarishining hayotiy ta’siri, biosfera muvozanatini saqlab qolish yo‘llari xolisona muhokama qilindi.

    Professor-o‘qituvchilar tomonidan iqlim muammolarining ilmiy asoslari, global isish oqibatlari va bu jarayonni jilovlashda ekologik ongning ahamiyati haqida sermazmun ma’ruzalar taqdim etildi.

    Seminar nafaqat akademik bilimlar, balki yurakdan chiqqan fikrlar, hayotiy kuzatishlar va talaba-yoshlarning ijodiy ishlari bilan boyitildi. Videoroliklar, ekologik aksiyalar, muammoli vaziyatlarni yorituvchi sahna ko‘rinishlari ishtirokchilarda chuqur taassurot qoldirdi.