Konferensiyada shahar boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlaridan saylangan 55 ta delegatlardan 55 nafari, 14 ta Agrosanoat kasaba uyushmasi tizimida ko‘p yillar davomida ishlagan faxriylar, mehmonlar va talaba-yoshlar kabi mingdan ziyod ishtirokchilar qatnashishdi.
Konferensiya avvalida SamDVMCHBU rektori Xudaynazar Yunusov so‘zga chiqib, inson qadri yo‘lida amalga oshirilayotgan ulkan ishlar davlatimiz va jamiyatimizni taraqqiyotning mutlaqo yangi bosqichiga olib chiqqanligi, yangi O‘zbekistonning bu boradagi yutuqlari bugun xalqaro miqyosda ham tan olinib, yuksak baholanayotgani, tabiiyki, olib borilayotgan yangilanish va o‘zgarishlarda kasaba uyushmalari ham faol ishtirok etib, islohotlarni qo‘llab-quvvatlagan holda turli soha xodimlarining ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari hamda mehnat sohasidagi huquqlarini himoyalash borasida tizimli ishlar tashkil etilayotganini aytib o‘tdi.
Konferensiyani Samarqand davlat veterinariya medisinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti tomonidan saylangan vakili – universitet Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Alibek Gapparov olib bordi.
Konferensiya O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi kasaba uyushmalari tashkilotlarida hisobot-saylovlarni o‘tkazish to‘g‘risidagi Nizomning 3.3.1 bandiga hamda O‘zbekiston agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Ustavining 11.4 bandi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Bosh kengashining 2024 yil 21 dekabrdagi № IX-3-sonli “O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi kasaba uyushmalari tashkilotlarida hisobot-saylovlarni o‘tkazish to‘g‘risida”gi va O‘zbekiston agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashining X-3-sonli “O‘zbekiston Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi tizimidagi tashkilotlarda hisobot-saylovlarni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorlari bilan O‘zbekiston agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Samarqand shahar kengashi raisi saylovi muqarrar ravishda muqobillik asosida va yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkazildi.
Samarqand shahar kengashiga raislikka Valiyev Rustam Usmandjanovich, Karimbekova Yulduz Karimbekovna, Egamberdiyev Yodgor Narzikulovichlar nomzodi ko‘rsatildi.
Saylov yopiq ovoz berish yo‘li bilan o‘tkazilib Valiyev Rustam Usmandjanovich 55ta ovozdan 50ta 91% ovoz bilan qayta saylandi.
Hisobot saylov ko‘tarinki ruxda o‘tkazildi va faxriylarga estalik sovg‘alari va faollarga tashakkurnomalar topshirildi.