Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida “Chorvachilik mahsulotlari sifati va oziq-ovqat xavsizligini ta’minlashda veterinariya-sanitariya nazoratining o‘rni” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Konferensiyani kirish so‘zi bilan ochib bergan universitet rektori, professor Xudaynazar Yunusov bugungi kunda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash har bir davlatning strategik ahamiyatga ega bo‘lgan ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligi, aholining sog‘lom ovqatlanishi, avvalo, chorvachilik mahsulotlarining sifati va xavfsizligiga bevosita bog‘liq bo‘lib, shu jihatdan veterinariya-sanitariya nazorati tizimi muhim o‘rin egallashini takidlab o‘tdi.

Hukumatimiz tomonidan qabul qilinayotgan qaror va hujjatlar, ushbu konferensiyada ko‘rib chiqilayotgan masalalar ham veterinariya-sanitariya nazoratini kuchaytirish, chorvachilik mahsulotlari sifatini oshirish va aholini xavfsiz oziq-ovqat bilan ta’minlashda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilishi, ushbu tizimni yanada takomillashtirish orqali jamiyat salomatligini mustahkamlashga erishish mumkinligini ta’kidlab, konferensiya ishiga omad tiladi.
.jpg)
Shuningdek konferensiya davomida O‘zbekiston Respublikasi veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining “Fan va ta’lim sohasini rivojlantirish bo‘limi” boshlig‘i A.Safarov, Qozoqiston milliy agrar tadqiqotlar universiteti Veterinariya sanitariyasi kafedrasi mudiri, veterinariya fanlari nomzodi, dotsent M.Tokayeva, Qozog‘iston milliy Agrar tadqiqot universiteti Veterinariya zooinjeneriya fakulteti dotsenti M.Baraxov hamda universitet professori Q. Norboyevlar mavzu yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib,chorvachilik mahsulotlari — go‘sht, sut, tuxum va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari inson organizmi uchun zarur bo‘lgan oziq moddalar manbai hisoblanishi, biroq ushbu mahsulotlar yetarli darajada nazorat qilinmasa, ular orqali turli yuqumli va invazion kasalliklar, ayniqsa zoonoz kasalliklar tarqalishi mumkinligi, bu esa inson salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘dirishi, veterinariya-sanitariya nazorati chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishdan tortib, iste’molchiga yetkazilguniga qadar bo‘lgan barcha bosqichlarni qamrab olishi, ushbu tizim orqali hayvonlar sog‘lig‘i nazorat qilinib, kasalliklarning oldi olinishi, mahsulotlar veterinariya ekspertizasidan o‘tkazilib, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishi ta’minlanishini takidlab o‘tishdi.

Konferensiya davomida ma’ruzachilar tomonidan “Asalarilar varroatozining epizootologiyasi va olingan asalni veterinariya sanitariya jixatidan baholash”, “Saprolignioz bilan zararlangan baliq goʻshtini veterinariya sanitariya jihatidan baholash”, “Chorvachilik mahsulotlari xavfsizligini ta’minlashda exinokokkozni aniqlash va sanitariya baholashning dolzarb vazifalari” va “Asalarilar invazion kasalliklarini davolash va oldini olishdan keyingi asalning veterinariya-sanitariya ekspertizasi” kabi mavzularda ma’ruzalar qilishdi.

Konferensiya “Oziq-ovqat mahsulotlarining mahalliy va global muammolari yechimlari” va “Oziq-ovqat mahsulotlarini tekshirishning zamonaviy usullari” kabi sho‘balarga bo‘lingan holda o‘z ishini davom ettirdi.