2026-yil 30-aprel kuni Yoshlar kuni doirasida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida viloyatdagi umumta’lim maktablari bitiruvchilari uchun “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri yuqori saviyada tashkil etildi. Tadbir universitet rektori X. Yunusov rahbarligida o‘tkazildi.

Mazkur tadbir Samarqand viloyati hokimi A. Boboyev tomonidan 2026-yil 20-apreldagi 01-07/435-sonli tasdiqlangan reja-jadval asosida o‘tkazilib, unga hududlardan tashrif buyurgan o‘quvchilar faol ishtirok etdi.

Tadbir davomida, Chorvachilik va texnologiyalar fakulteti rahbariyati hamrohligida, bitiruvchilarga universitetning ta’lim yo‘nalishlari, mavjud fakultetlar, zamonaviy o‘quv-laboratoriya bazasi, ilmiy-tadqiqot ishlari hamda talabalarga yaratilgan shart-sharoitlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Shuningdek, ishtirokchilar universitet hududi, auditoriyalar, laboratoriyalar va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkaziladigan maskanlar bilan yaqindan tanishtirildi.

“Ochiq eshiklar kuni” yoshlarning kelajak kasbini ongli tanlashiga ko‘maklashish, oliy ta’lim tizimi bilan yaqindan tanishtirish hamda ularning ilm-fan va innovatsiyalarga bo‘lgan qiziqishini oshirishga xizmat qildi.

Tadbir yakunida o‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar va professor-o‘qituvchilar tomonidan atroflicha javob oldilar.
Ushbu kabi tadbirlar yosh avlodni to‘g‘ri kasb tanlashga yo‘naltirish, ularning intellektual salohiyatini rivojlantirish hamda oliy ta’lim muassasalari bilan samarali integratsiyani ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.