YANGILIKLAR

GERMANIYANING OZIQ-OVQAT VA QISHLOQ XOʻJALIGI FEDERAL VAZIRI OʻRINBOSARI UNIVERSITETIMIZDA



Germaniyaning oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi federal vaziri oʻrinbosari Dr.Ofeliya Nik boshchiligidagi delagatsiya universitetimizga tashrif buyurdi.

Delegatsiyaning maqsadi Germaniya va Oʻzbekiston oʻrtasida veterinariya va chorvachilik sohalarida oʻzaro hamkorlikni yanada kengaytirish yuzasidan muzokaralar oʻtkazish hamda Germaniya Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi federal vazirligi bilan amalga oshirilayotgan “Barqaror va iqlimga moslashtirilgan qishloq xoʻjaligini birgalikda rivojlantirish” grant loyihasining birinchi bosqichi “Iqlimga moslashtirilgan chorva ozuqasini yetishtirish” boʻyicha amalga oshirilayotgan tadbirlar bilan yaqindan tanishishdir.

Delegatsiya aʼzolarini kutib olgan universitet rektori, professor X.Yunusov va masʼul shaxslar dastlab, universitetda mavzu yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirish maqsadida universitet hududida kichik tajriba maydonlarida oʻstirib oʻrganilayotgan yem-xashak ekinlarining turlari, navlari, issiqxonasida yetishtirilayotgan oʻsimliklar va vivariyda parvarishlanayotgan hayvon turlari bilan tanishtirishdi.

Shundan soʻng universitet “Faollar zali”da universitet rektori, professor X.Yunusov universitetda yoʻlga qoʻyilgan “Mega-loyiha” doirasida iqlimga moslashtirilgan chorva ozuqasini yetishtirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar boʻyicha qichqacha maʼlumot berdi, Germaniya Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi federal vaziri oʻrinbosari Dr.Ofeliya Nik tashrifdan koʻzlangan maqsad haqida toʻxtaldi.

Shuningdek, veterinariya fanlari doktori, professor R.Davlatov “Oʻzbekistonda chorvachilik sohasini rivojlantirish” boʻyicha taqdimot qilgan boʻlsa, Fridrix-Loʻffler instituti xodimi Dr.Klyus “Quruq hududlarda optimal oziqlantirish va hayvonlar salomatligi” mavzusida, AFC tashkiloti xalqaro eksperti Dr. Van Engelen “Oʻzbekistonda sut ishlab chiqarishni taʼminlash uchun regenerativ yem-xashak ishlab chiqarish” mavzusida maʼruza qildi.

Davra suhbati universitet professor-oʻqituvchilari va talabalari tomonidan yoʻllangan savollar bilan yanada qiziqarli oʻtdi.

Tadbir yakunida professor-oʻqituvchilar, magistrantlar, tadqiqotchilar va talabalarni mazkur hamkorlik loyihalarida ishtirok etishlari kelishib olindi.