REKTOR TABRIGI

MUSTAQILLIGIMIZNING QONUNIY POYDEVORI



Har bir millat taqdirida uning kelajagini o‘zgartirib yuborgan muhim sanalar bo‘ladi. 
8 dekabr xalqimiz uchun ana shunday kun.
Bu kunda O‘zbekiston Respublikasi Bosh Qomusi - Konstitutsiya qabul qilingan.
Konstitutsiya xalqning irodasini, ruhiyatini, ijtimoiy ongi va madaniyatini aks ettiradi. Unda jamiyat taraqqiyotiga turtki beruvchi, muhim ma’naviy omil bo‘lib xizmat qiluvchi g‘oyalar o‘z ifodasini topgan. Konstitutsiyada mujassamlashgan mafkura jamiyatni, xalqni muayyan maqsadlar sari yetaklaydi, ularni uddalash uchun safarbar qiladi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi milliy istiqlol g‘oyasi va mustaqillik mafkurasining huquqiy asosini tashkil etib, xalqimizning istiqlolga, erkinlikka bo‘lgan intilishini, milliy axloqiy-ma’naviy qadriyatlarini aks ettiradi hamda ularni jamiyat ongiga, ayniqsa, yosh avlod ongiga singdirishga xizmat qiladi.
Konstitutsiya — huquq va erkinliklarimiz, milliy va umuminsoniy qadriyatlarimiz, ijtimoiy adolat va birdamligimiz, demokratiya va davlat suvereniteti prinsiplariga sodiqligimizning qonuniy kafolatidir. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yuqorida qayd qilingan sifat va xususiyatlari uning benazir nufuzi, salmog‘i va qadr-qimmatidan dalolat beradi, u mustaqillikning qonuniy poydevori va buyuk kelajagimizning huquqiy kafolatidir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, – “Bosh qomusimiz, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, yurtimiz fuqarolari tengligining kafolatlanishini e’tirof etdi va zamonaviy demokratik taraqqiyot uchun zamin yaratdi. Aynan shu sababli Konstitutsiyamizni ehtirom bilan ulug‘lashimiz, har tomonlama o‘rganishimiz, unga izchil amal qilishimiz, Asosiy qonunimizda mujassam bo‘lgan ajdodlarimizning buyuk me'rosi va umuminsoniy qadriyatlarni yoshlarimiz qalbiga singdirishimiz zarur”.
Barcha yurtdoshlarimizni ulug‘ ayyom - O‘zbekiston Respublikasi asosiy Qonuni - Konstitutsiya qabul qilinganligining 31 yilligi bilan muborakbod etaman.
Yurtimiz tinchligi va xalqimiz farovonligi, mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!

Xudaynazar Yunusov
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan chorvador
Biologiya fanlari doktori, professor
SamDVMCHBU rektori