REKTOR TABRIGI

YANGI YIL YANGI MUVAFFAQIYATLAR OLIB KELSIN!



ASSALOMU ALAYKUM!

Yangi yil ostonasida, bag‘ributunlik va salomatlik, ochiq chehra bilan yana g‘oyibona diydor ko‘rishmoqdamiz. Bizga quvonch va shirin tashvishlar in’om etgan 2023 yil ham yakuniga yetib bormoqda. Bu paytda har bir Inson odatda yilni sarhisob qilishni istaydi. Rejalashtirgan ishlarimiz amalga oshdimi, deb ortiga bir qaraydi...

Xalqimizning tuganmas irodasi va mehnatlari samarasi o‘laroq, qay bir ma’noda "muvaffaqiyatli", qay bir ma’noda esa "mashaqqatli" kelgan yil ham o‘z yakuniga yetdi. Lekin har narsaning ham bir hayri bo‘lgani kabi, bu yilning ham unutilmas lahzalarga boy kunlari bor.

Hamma sohalarda bo‘lganidek, ta’lim sohasida ham yangiliklar va innovatsiyalarga xos islohotlar davom etdi va bu qutlug‘ yilda ham davom etadi.

Jumladan, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti tarixiga bu yil o‘ziga xos chiroyli raqamlar bilan kirishiga ishonchim komil.

Dastlab, Veterinariya meditsinasi instituti sifatida qayta tashkil etilgan oliygoh, Prezidentimiz va xukumatimiz tashabbusi bilan maqomi yuksaltirilib, universitetga aylantirildi.

Markaziy Osiyodagi veterinariya, chorvachilik va biotexnologiya sohalari uchun mutaxassis - kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim maskani o‘zining ilmiy - zamonaviy loyihalari bilan mamlakatimiz iqtisodiyotiga munosib hissa qo‘shish bilan yilni yakunlamoqda. Professor - o‘qituvchilar, talaba - yoshlar o‘zlariga bildirilgan ishonchni oqlashda bu yil ham davom etadi, boshlagan xayrli va samarali ishlari, loyixalarini davom ettiradi, deb umid qilamiz.

Yangi yildan faqat yaxshiliklar kutib qolamiz. 

Rejalar, loyihalar va tashabbuslarimiz ko‘p, shuningdek, ayrim muammolarimiz ham borligini tan olamiz. Istiqboldagi rejalarimizni amalga oshirish uchun vaqt va fidoyilik talab etiladi, shuningdek, muammolarni bartaraf etish uchun o‘zimizdagi barcha imkoniyatlarni ishga solamiz. Maqsadimiz, Samarqand, O‘zbekiston nomi hamisha yuksak minbarlarda e’tirof etilsin!

Dunyo xalqlari yangi 2024-yilni kutib olishga hozirlanayotgan ushbu hayajonli kunlarda yangi yilimiz bizga yangi - yangi quvonchlar olib keladi, degan umid hech birimizni tark etmasin.

Kirib kelayotgan yangi yilingiz qutlug‘ bo‘lsin, azizlar! 

“Yangi O‘zbekistonni bilimli va bunyodkor yoshlarimiz bilan birgalikda barpo etaylik!"

 

Hurmat bilan,   

Xudaynazar Yunusov

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan chorvador,

Biologiya fanlari doktori, professor

SamDVMCHBU rektori