TADBIRLAR

HAR BIRIMIZ VATAN HIMOYACHISIMIZ!



Vatan himoyachilari kuni muborak bo‘lsin!

Bizda azaldan oilada o‘g‘il farzand tug‘ilsa, posbonimiz bor deb, hursand bo‘lishgan. Darhaqiqat, har bir erkak qaysi kasb egasi bo‘lmasin, u avvalo Vatan himoyachisidir. U tabiatan ana shunday kuchli qilib yaratilgan. U doimo oilasi sha’nini, xalqining or-nomusini va yurti himoyasini o‘z zimmasiga ortmoqlab yuradi.

Ertaga mamlakatimizda yana bir katta bayramlarimizdan biri - Milliy Armiyamiz tashkil etilgan kun - Vatan himoyachilari kuni keng nishonlanadi. Bugun dunyo qalqib turibdi. Ona sayyoramizning turli hududlarida etnik, siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy kelishmovchiliklar yuz berayotgani hech kimga sir emas! Xalqaro terrorizm, ekstremizm va radikalizm xavf-xatarlari barchamizni ogoh bo‘lishga chaqiradi. Ana shunday murakkab vaziyatda Qurolli kuchlarimizdan yuqori darajadagi jangovar qobiliyatni mustahkamlash talab etilmoqda. So‘nggi yillarda yurtimizda harbiy-siyosiy masalalarda ham islohotlar amalga oshirilib, Milliy Armiyamizning har qanday tahdidlarga munosib zarba bera oladigan jangovor qudrati yildan yilga oshib borayotgani esa qalbimizga hotirjamlik bahsh etadi. Buni kuni kecha Prezidentimiz rahbarligida bo‘lib o‘tgan havfsizlik masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish misolida ham anglash mumkin. Harbiy xizmatchilar va yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tizimini takomillashtirish, Milliy Armiyani yanada rivojlantirish va mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, harbiy-ma’muriy sektorlar va mudofaa sanoati faoliyati samaradorligini oshirish masalalari muhokama etilgan mazkur yig‘ilishda bugungi kunda O‘zbekiston uchun havfsizlik va mudofaa masalalari naqadar mas’uliyatli va muhim ekani Prezidentimiz tomonidan alohida ta’kidlandi.

Bir so‘z bilan aytganda, tinchlik bo‘lgan yurtda taraqqiyot, rivojlanish bo‘ladi, bayramlar yarashadi.

Mard o‘g‘lonlar!

Vatanimiz taraqqiyotini himoya qilishda davom eting.

Buning uchun albatta harbiy bo‘lish shart emas - mard, fidoyi va o‘z ishingizning ustasi bo‘ling!

Qalbingizni shijoat, tanangizni kuch qudrat hech qachon tark etmasin!

Vatanimizning kelajagi sizga bog‘liq.

Vatan himoyasi yo‘lida hamisha salomat bo‘ling!

 

 

Hurmat bilan,

Xudaynazar Yunusov

Biologiya fanlari doktori, professor

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan chorvador,

SamDVMCHBU rektori