TADBIRLAR

CHORVACHILIK MAHSULOTLARINI ISHLAB CHIQARISH VA SIFATINI YAXSHILASHDA INNOVATSION TEXNOLOGIYALARDAN FOYDALANISH



Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida “Chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish va sifatini yaxshilashda innovatsion texnologiyalardan foydalanish” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi.

- Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda chorvachilikning alohida oʻrni bor. Shu jihatdan olganda, tarmoqqa zamonaviy yondashuvlar aholini sifatli va toʻyimli goʻsht-sut mahsulotlari bilan taʼminlashga xizmat qiladi. Oziq-ovqat xavfsizligi kelajakda odamlarning munosib turmush kechirishini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois, soʻnggi paytlarda ushbu dolzarb masalaga katta eʼtibor berilmoqda, - dedi konferensiyani kirish soʻzi bilan ochib bergan universitet rektori, professor X.Yunusov. - Qayd etish kerakki, oxirgi yillarda mamlakatimizda ushbu yoʻnalishdagi ishlarga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Oʻylaymanki, ushbu anjumanda koʻrib oʻtiladigan masalalar va takliflar oziq-ovqat xavfsizligi sohasining rivojlanishiga xizmat qiladi.

Konferensiyada “Zoom” platformasi orqali ishtirok etgan Oʻzbekiston respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Sh.Jabborov keyingi yillarda oziq-ovqat xavfsizligi jahon hamjamiyati oldidagi eng dolzarb masalalardan biri sifatida keng quloch ochgani, bu esa sohani yangi innovatsion tendensiyalar va texnologiyalar hamda ilmiy yutuqlarni qoʻllash orqali yanada rivojlantirishni taqozo etayotganini taʼkidladi.

huningdek, davlatimiz tomonidan yaratilgan imkoniyatlar natijasida 2023-yilda chorvachilik va uning tarmoqlarini rivojlantirish uchun umumiy qiymati 7,4 trln soʻmlik 2 237 ta loyihalar amalga oshirilib, 170 ming nafardan ortiq doimiy va mavsumiy yangi ish oʻrinlari yaratilgani, loyihalar doirasida chetdan 135 ming bosh qoramol, 228 ming bosh qoʻy va echkilar olib kelingani, 240 mln. dollar Xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi mablagʻlar jalb qilingani va yangidan 565 ta chorvachilik subyektlari tashkil qilinib, jami 18 971 taga yetkazilganini aytib oʻtdi. 

Konferensiyada Belarus Respublikasi Vitebsk davlat “Hurmat belgisi” veterinariya meditsinasi akademiyasi prorektori Fedotov Dmitriy Nikolayevich, K.A.Temiryazov nomidagi Moskva qishloq xoʻjaligi akademiyasidan q.x.f.d.(PhD) A.A.Xudayberdiyev, Polsha Krakov Qishloq xoʻjaligi universiteti professori Martin Nemik, Qorakoʻlchilik va choʻl ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti direktori q.x.f.d. professor Ye.S.Shaptakov, Jangirxan nomidagi Gʻarbiy Qozogʻiston qishloq xoʻjaligi texnikalari universiteti professori T.A.Baybatirov, Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti Asalarichilik laboratoriyasi mudiri O.S.Toʻrayev, Samarqand viloyati asalarichilik uyushmasi raisi X.A.Rashidovlar mavzu yuzasidan oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etib, fikr-mulohazalarini bildirdi. 

Shuningdek, konferensiya qatnashchilari Mega loyiha vivariysi va kafedra oʻquv laboratoriyalariga tashrif buyurib, amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.